02.05.2019        13865

Shu yilning 30-aprel kuni JIDU “Eco library” da istiqlol fidoyisi, milliy romanchiligimiz asoschisi, mashhur o‘zbek adibi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni o‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti Sh. Normatova muxtasar kirish so‘zi bilan ochib berdi. U mashhur adibning adabiyot va vatanimiz tarixidagi beqiyos o‘rni va xizmatini alohida ta’kidladi: “Adabiyot tarixida shunday siymolar bo‘ladiki, ular yaratgan noyob durdonalar vaqt, davr, qadriyatlar mezoniga dosh berib asrlar osha yashab kelaveradi. Abdulla Qodiriy ana shunday nomi mangulikka dahldor ijodkorlar sirasiga kiradi. Uning nomini bilmagan, “O‘tkan kunlar” romanidan oz bo‘lsa ham, xabardor bo‘lmagan o‘zbekni topish qiyin. Adibning nomi nafaqat o‘zbek kitobxoniga, balki ko‘plab turkiy xalqlarga, shuningdek, dunyo kitobxoniga ham yaxshi tanishdir”.

O‘zbek va rus tillari kafedrasi mudiri M. Abduraxmonova Abdulla Qodiriy ijodiy merosining ulkan ahamiyatini va kelajak avlodni milliy qadirayatlarimiz, madaniyatimiz, an’analarimizga mehr ruhida tarbiyalashdagi muhim o‘rnini e’tirof etdi.

So‘ng navbat talabalarga berildi.

1-kurs XH talabalari tomonidan tayyorlangan Qodiriy hayot va ijod yo‘liga bag‘ishlangan taqdimot, hassos adibning suddagi nutqi deklamatsiyasi, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari asosida tayyorlangan sahna ko‘rinishlarinidan iborat dastur namoyish etildi.

XXI asr o‘quvchisi Qodiriy qoldirgan bebaho xazinadan bahramand bo‘lishda, adib yaratgan mo‘jizalardan hayrat va zavq olishda davom etmoqda. JIDU talabalari tomonidan tayyorlangan taqdimot hamda chiqishlar, sahna namoyishlari, nutqlar buning yorqin tasdig‘i bo‘ldi.