12.03.2019 11936

2019 yil 1 mart kuni soat 11.00 da Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlganligining 27 yilligiga bagʻishlab “Tinchlik yoʻlidagi samarali hamkorlik” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining masʼul xodimlari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya unversitetining professor-oʻqituvchilari, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbat doirasidagi muhokamalarda mamlakatimizning BMT bilan oʻzaro xamkorligining ustuvor yoʻnalishlari, xozirgi kunda dunyoda kechayotgan xavfsizlikka tahdidlar, ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatmaslik, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish masalalari, ekologik muammolar, xususan Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatish, shuningdek ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish   kabi masalalar eng ustuvor axamiyatga ega ekanligi taʼkidlab oʻtildi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston BMTga 1992 yilning 2 martida aʼzo boʻlib kirdi. Ushbu kundan eʼtiboran mamlakatimiz global va mintaqaviy muammolarning muhokamasida hamda muhim xalqaro qarorlarni qabul qilish jarayonida bevosita qatnashish imkoniyatiga ega boʻldi. 1993 yilda esa Toshkent shahrida BMT vakolatxonasi ochildi va tashkilotning bir qator dasturlari, jamgʻarmalari va agentliklari faoliyati keng yoʻlga qoʻyildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlgan kundan boshlab mamlakatimiz ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan faol siyosiy muloqotni yoʻlga qoʻyishga muvaffaq boʻldi. Oʻtgan davr mobaynida mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashda Oʻzbekiston BMT bilan faol hamkorlik qilib kelayotganligi davra suhbati ishtirokchilari tomonidan eʼtirof etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining BMT bilan oʻzaro hamkorligi ushbu tashkilot doirasida chegaralanib qolmay, balki BMT oilasiga kiruvchi qator ixtisoslashgan tashkilotlar bilan ham samarali hamkorlik tobora chuqurlashib borayotganligi taʼkidlab oʻtildi.

Xususan, BMT Taraqqiyot dasturi, Bolalar jamgʻarmasi (YUNISЕF), Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNЕSKO), Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA), Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki kabi ixtisoslashtirilgan muassasalar bilan oʻzaro munosabatlarimiz har tomonlama rivojlanib bormoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston BMTning nizomiy, yordamchi va konvensiyaviy tashkilotlari bilan inson huquqlarini muhofaza qilish sohasida ham yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Ushbu yoʻnalishda mamlakatimiz 70 dan ortiq hujjatlar bilan birga oltita asosiy bitimga qoʻshildi. Oʻzbekiston ushbu hujjatlar doirasida oʻzining xalqaro majburiyatlarini izchil ravishda bajarib, ulardagi eng muhim normalarning milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilinishiga katta eʼtibor qaratib kelmoqda.

Shuningdek davra suhbatida BMTning 2015 yilda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi Sammitida eʼlon qilingan Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish borasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan 2030 yilga qadar insoniyatni ravnaq toptirishning 17ta yoʻnalishida belgilangan maqsadlarni amalga oshirishda mamlakatimizda qabul qilingan Harakatlar strategiyasining ahamiyati atroflicha muhokama qilindi.

Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining faol aʼzolaridan biriga aylanganligi eʼtirof etildi. Oʻtgan 27 yil davomida mamlakatimiz ushbu xalqaro tashkilot bilan uzviy hamkorlik qilib, dunyoda va mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Mamlakatimizning BMT doirasida global va mintaqaviy masalalar borasida ilgari surgan tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan qoʻllab quvvatlanib kelayotganligi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.