02.02.2022 1991

Xar qanday mamlakat kelajagi soʻzsiz yoshlar kamoloti bilan bogʻliq. Shu bois mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan yosh avlod taʼlim va tarbiyasiga aloxida eʼtibor karatilmokda.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda aholi umumiy sonining 60 foizdan ortigʻini yoshlar tashkil etadi. Shuning uchun yoshlar siyosati davlat taraqqiyotining davomiyligini taʼminlashga qaratilgan barcha strategiyalarda namoyon boʻlmokda. Xususan, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham navqiron avlod kamolotiga doir keng koʻlamli chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu islohotlar Oʻzbekistonda yoshlarning orzu-maqsadlari roʻyobi uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitni yaratish, ularning muammolarini davlat siyosati darajasida hal etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Darhaqiqat, yigit-qizlarni yuksak axloq va intizomli qilib tarbiyalash, ularning sifatli taʼlim olishi va vatanparvarlik ruhida voyaga yetishi mamlakat iqtisodiy va siyosiy tarakqiyotining kaliti hisoblanadi. Bu ijtimoiy barqarorlik va muvaffaqiyat asosidir.

Taassufki, bugun dunyo gʻoyat tahlikali va murakkab muammolar girdobida yashamokda. Jamiyatda turli zararli gʻoya va soxta qadriyatlarning keng tarqalishi yoshlarning axloqi va ongi buzilishiga olib kelmokda.

Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishida 12 mingdan ziyod kutubxonalar imkoniyatidan samarali foydalanish, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy gʻoya asosida birgalikda kurashish muhimligini qayd etgani bejiz emas.

Bugun yosh avlodning maʼnaviy immunitetini mustahkamlash, bilim va dunyoqarashini boyitish, boʻsh vaqtdan unumli foydalanishlarini taʼminlash dolzarb masalalardan biridir.

Yoshlarning vaqtlarini samarali tashkil etish borasida xorijiy davlatlarda oʻziga xos konsepsiyalar yaratilgan. Xususan, AQSH mehnat statistikasi byurosida Vaqt byudjetidan foydalanishni oʻrganish xizmati, Rossiya Fanlar akademiyasining Sotsiologiya institutida Vaqt byudjeti va kunlik faoliyatni oʻrganish shuʼbasi, Buyuk Britaniyaning Oksford universitetida Vaqt byudjetini oʻrganish markazi, shuningdek, Vaqt byudjetidan foydalanish xalqaro assotsiatsiyasi (IATUR) kabi tashkilotlar faoliyat yuritmokda. Ularda yigit-qizlarning boʻsh vaqtdan unumli foydalanishini taʼminlash masalalari tadqiq etilmokda.

Kuzatuvlarimizga koʻra, mamlakatimizda yoshlarning vaqt byudjeti masalasi yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borilmagan. Taʼlim va boshqa muassasalarda ertamiz egalarining kunlik faoliyati va real xatti-harakatlarini oʻrganishga qaratilgan vaqt byudjeti uslubi tatbiq etilmagan. Shunday ekan, yuqoridagi tajribaning mamlakatimiz yoshlari xayotiga joriy etilishi ularninghayot tarzi va uning sifati, rivojlanishi, vaqt sarfi, qiziqish va ehtiyojlari xususiyatlari, jamiyatdagi ijtimoiylashuv jarayoni qay darajada ekanligini ochib berishga xizmat qiladi.

Shu nuqtai nazardan, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida oʻspirinlarning vaqtni toʻgʻri taqsimlash va uni maqsadli sarflash koʻnikmasini shakllantirishga qaratilgan tamoyilni joriy qilish va uni kundalik hayotga tatbiq etib borish mexanizmlarini ishlab chiqish zarur. Bu borada vaqt byudjetiga asoslangan, mentalitetimizga xos boʻlgan turmush tarzini yaratishga qaratilgan amaliy ishlar dasturini tuzib, xalqaro tajribada sinalgan uslublar orqali amaliyotga joriy etish samara beradi.

Taʼlim muassasalari oʻkuv dasturiga “Vaqt psixologiyasi”, “Ijobiy fikrlashning psixologik usullari”, “Maqsadni shakllantirishning qadam- baqadam usullari”, “Time managementʻ kurslarini kiritish yaxshi samara beradi. OAV orqali muntazam ravishda yoshlarning vaqt byudjetiga asoslangan samarali hayot tarzining ijobiy tomonlarini keng namoyish etib borish, ijobiy fikrlash, oʻz rejalarini vaqtga nisbatan toʻgʻri taqsimlash, maqsadlarini aniq va sodda shakllantirishga yordam berish ham maqsadga muvofiq. Kollej, maktab, litseylar mutasaddilari, mahalla faollari, yoshlar yetakchilari hamda profilaktika nozirlari hamkorlikda har bir oilada ota-onaning farzandi tarbiyasida masʼuliyatini oshirish yuzasidan psixolog maslahatini yoʻlga qoʻyish, har bir fuqarolar yigʻini qoshida oʻgʻil- qizlarni jalb etuvchi, hozirgi navqiron avlod talabiga javob beradigan, sport, konsultativ, madaniy-maʼrifiy toʻgaraklarni joriy qilish va ularda yoshlarni erishgan yutuqlari uchun ragʻbatlantirib borish tizimini tashkil etish kabi masalalar muhim ahamiyatga ega.

Xorijiy tajribaga qaraydigan boʻlsak, rivojlangan davlatlardagi dunyoga mashhur taʼlim muassasalarida, masalan, Harvard (AQSH), Oksford va Kembrij (Buyuk Britaniya) universitetlari, EMLYON biznes maktabi (Fransiya)da noanʼanaviy fikrlash va ijodkorlik qadrlanadi. Talaba-yoshlarga jamiyatdagi iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yechishga qaratilgan aniq mexanizmlarga ega boʻlgan takliflar ishlab chiqish topshiriladi. Shu orqali bitiruvchilar siyosatda va biznes-menejmentda jamiyat tomonidan doimiy tan olib kelinadi.

Yurtimizda ham yoshlarda noanʼanaviy fikrlashni shakllantirish va ragʻbatlantirish tizimining yangi bosqichga koʻtarilishi navqiron avlodning oʻz iqtidorini toʻla namoyon etishi hamda mamlakat taraqqiyotida munosib ishtirokini taʼminlashga zamin yaratadi.

Kamola XOʻJAMOVA,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tayanch doktoranti.

Manba: Xalq soʻzi, 2022 yil 31 yanvar, №22 (8084)