20.11.2021 2647

Tarixdan maʼlumki, Oʻzbekiston hududida mavjud boʻlgan ilk davlatlar: Turk xoqonligi, Arab xalifaligi, Temuriylar va uch xonliklar davrida ham diplomatiya davlatning asosiy eʼtibor qaratiladigan sohasi boʻlgan, chunki mustaqillikni mustahkamlash, mamlakatning xavfsizligi, barqarorligi va taraqqiyoti koʻp jihatdan xorijiy davlatlar bilan olib boriladigan faol tashqi siyosatga bogʻliq. Buyuk ipak yoʻlida joylashgan mamlakatimiz asrlar davomida xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy, siyosiy va madaniy munosabatlarni shakllantirib, oʻzaro diplomatik aloqalar olib borgan. Bu jarayon, ayniqsa, buyuk davlat arbobi, Sohibqiron Amir Temur davrida rivoj topgan.

Amir Temur oʻz davrining eng qudratli davlatlaridan birining asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi boʻlish bilan bilan bir qatorda, oʻz vaqtida Yevropa va Osiyo qitʼalarida roʻy bergan tarixiy oʻzgarishlarga hal qiluvchi taʼsir oʻtkazib, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan mohir diplomat ham boʻlgan. Xorijiy davlatlarning hukmdorlari bilan olib borgan yozishmalarida, diplomatik xatlarida sharq diplomatiyasiga xos etiketning yaqqol sezilib turishi, mamlakatlar oʻrtasidagi sovuqchilik va muammolarni tinch yoʻl bilan oqilona hal qilishga intilishi Amir Temur tashqi siyosatining oʻziga xosligidan dalolatdir. Shuning uchun ham Temuriylar davri diplomatiyasi oʻtmishdagi xalqaro munosabatlarning eng yorqin sahifalaridan biri hisoblanadi.

Amir Temur bundan olti asr avvaloq xorijiy davlatlar bilan tashqi aloqalar oʻrnatmay turib, mamlakatning istiqbolga erishib boʻlmasligini teran anglagan edi. Angliya, Fransiya, Usmonli Turklar, Ispaniya, Xitoy, Hindiston kabi turli mamlakat hukmdorlari bilan amalga oshirgan yozishmalari va diplomatik aloqalari buning yaqqol tasdigʻidir.

Yurtimizdan Amir Temurga oʻxshagan mohir diplomat va elchilar koʻplab yetishib chiqqanligiga qaramay, ularning faoliyati chuqur oʻrganilmagan. Bu haqida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2018-yilning 11-yanvar kuni boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari faoliyatiga bagʻishlagan nutqida: “Bizning boy madaniyat va qadimiy tarixga ega davlatimizdan oʻz davrining mohir diplomatlari, elchilari yetishib chiqqani toʻgʻrisida koʻplab maʼlumotlar mavjud, ammo ularning hayoti va faoliyati, afsuski, hozirgacha chuqur va atroflicha oʻrganilmagan. Tashqi ishlar vazirligi bunga eʼtibor qaratib, ushbu masalaning tarixiy ildizlari, mustaqillik davrida oʻzbek diplomatiyasining shakllanish jarayonlari haqida alohida bir kitob chiqarsa, bu soha xodimlari, avvalo, yosh diplomatlar uchun muhim qoʻllanma boʻlardi”, – deb taʼkidlab oʻtgan.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosatini samarali yoʻlga qoʻyish, Respublikaning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun qulay tashqi shart-sharoitni vujudga keltirish, xalqaro munosabatlarda va xorijiy mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va davlat manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 25-mayda “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati 1994-yil mart oyida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi va 1996-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy prinsiplari toʻgʻrisida”gi qarorlar asosida shakllantirildi.

Shu tufayli istiqlol yillarida davlatimiz 133 dan ortiq mamlakatlar bilan rasmiy munosabatlar oʻrnatdi, hozirda Toshkentda 45 ta xorijiy davlatlarning elchixonalari, 9 ta konsullik, 11 ta xalqaro tashkilotlar vakolotxonalari faoliyat olib bormoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi siyosatining asosiy tamoyillari, prinsiplari, strategik ustuvor yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari 2012-yil sentyabrda qabul qilingan “Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi”da oʻz aksini topgan. Bu konsepsiya Oʻzbekiston milliy manfaatlarini ilgari suradigan ustuvor yoʻnalishlarni belgilab beradigan qarashlarning yaxlit tizimidir.

Oʻzbekiston Respublikasi koʻp tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun faol va tinchlikparvar tashqi siyosat yuritgan. Masalan, 1992-yil 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining teng huquqli aʼzosiga aylanib, xalqaro minbarlarda mamlakat nomidan turli xil takliflar ilgari surishni boshlagan. Jumladan, butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, xalqlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga koʻmaklashish, yadro quroli tarqalishining oldini olish boʻyicha bildirilgan takliflar jahon hamjamiyatini birlashtirishga intilayotgan BMT tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi. Oʻzbekiston BMTning bir qator ixtisoslashtirilgan muassasalari, jumladan, Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki, BMTning Yevropa boʻyicha iqtisodiy komissiyasi, Jahon savdo tashkiloti kabi tashkilotlar bilan keng koʻlamli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi BMT doirasidagi ixtisoslashgan muassasalar: Xalqaro bolalar jamgʻarmasi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi, Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa tashkilotlarga ham aʼzo boʻldi. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish orqali tashqi siyosatda yuqori reytinglarga ega boʻlish davomida tizimda uchragan baʼzi kamchiliklar tufayli mamlakatimizda bir muddat tashqi aloqalar sezilarli darajada sustlashib qoldi. Ayniqsa, bu holat 2000-yillar oʻrtalaridan boshlab sezila boshladi. Xorijiy davlatlar bilan, eng asosiysi, bizga chegaradosh boʻlgan mamlakatlar bilan turli sohalardagi hamkorlikning sustlashishi natijasida tizimda koʻplab muammolar paydo boʻldi. Biroq, 2016-yilning soʻnggi choragida prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoyev bu holatni chuqur anglagan xolda turli sohalar qatori tashqi siyosat tizimini ham tanqidiy qayta koʻrib chiqish va uni kuchaytirish ustuvor vazifa ekanligiga alohida eʼtibor qaratdi. Bu borada bir qancha amaliy ishlar olib borildi. Jumladan, davlatimiz rahbari 2018-yilning yanvar oyida mamlakatimiz tarixida ilk bor Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari bilan ochiq onlayn muloqot oʻtkazdi. Bundan tashqari, 2017-yilda Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, taraqqiyot va barqaror rivojlanish yoʻlidagi hamkorlik” mavzusida 500 nafardan ortiq delegat ishtirok etgan anjuman boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo davlatlari bilan doʻstona, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishni asosiy tashqi siyosiy yoʻnalish sifatida belgilab berdi. Tariximizning, dinimizning, madaniyatimizning, tilimizning birligi, tomirlarimizning tutashib ketganligi hozirgi tahlikali zamonda bu mamlakatlar xalqlarini yanada yaqinlashtirish kerakligini har qachongidan ham koʻproq taqozo eta boshladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilda Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarida yangi davr boshlandi. Shu yilning oʻzida Turkmaniston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston davlatlariga davlat tashriflar amalga oshirildi. Davlat rahbarlari oʻrtasida ochiq va ishonchli siyosiy muloqotni mustahkamlash natijasida mintaqadagi qoʻshnichilik munosabatlarida 2016-yilgacha mavjud boʻlgan koʻplab murakkab muammolarga yechim topildi.

Oʻzbekistonning zamonaviy tashqi siyosati faol, tashabbuskor va pragmatik tashqi siyosiy kurs olib borishni hamda yuzaga kelayotgan xavf-xatarlarga oʻz vaqtida javob berishni talab etadigan XXI asrning oʻta shiddat bilan oʻzgarib borayotgan xalqaro-siyosiy voqeliklarini inobatga olgan holda qurilmoqda.

Bular Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati bilan mustahkam aloqada boʻlganligidan, har tomonlama manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirib borayotganidan dalolat beradi. Xalqaro hamkorliklar doirasida qabul qilingan hujjat va kelishuvlarni oʻz vaqtida toʻliq bajarish maqsadida 40 ta “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi va xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Dunyoda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va butunjahon iqtisodiy inqirozi sharoitida Oʻzbekiston ochiq va pragmatik faol tashqi siyosat olib bormoqda. Xalqaro maydondagi qatʼiy saʼy-harakatlarimiz natijasida yurtimizning nufuzi va obroʻ-eʼtibori tobora yuksalmoqda. Dunyo mamlakatlari orasida yurtimiz oʻz oʻrniga ega boʻlib bormoqda. Jumladan, mamlakatimiz oʻz tarixida birinchi marta BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo etib saylandi. Yaqinda AQSH Davlat departamenti tomonidan Oʻzbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” roʻyxatidan chiqarilgani ham keng koʻlamli demokratik islohotlarimizning eʼtirofidir.

Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 19-sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining oliy minbarida ilgari surgan global va mintaqaviy tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qoʻllab-quvvatlandi.

Oʻzbekiston yer yuzidagi koʻplab mamlakatlar bilan turli sohalarda oʻzaro manfaatli aloqalarni keng yoʻlga qoʻyib kelmoqda, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, hamkorlikning barcha shakllarini rivojlantirish yoʻlida izchillik va qatʼiyat bilan odimlamoqda. Jahon miqyosida raqobat, qarama-qarshilik, turli manfaatlar toʻqnashuvi, geopolitik ziddiyatlar tobora kuchayib borayatgan bu zamonda biz kuchli tashqi siyosat olib bormasdan turib, koʻzlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz. 

Dilmurod Dilmurodov,
Xalqaro munosabatlar” fakulteti 2-bosqich talabasi