11.11.2021 1458

Har bir oʻzini va oʻz mamlakatini hurmat qilgan fuqaro butun yurtimiz taqdiri va kelajagini belgilovchi ulkan hodisa —  Oʻzbekiston Prezidenti saylovida ishtirok etdi.  Biz ovoz berish huquqimiz, chin fuqarolik erkimiz va qarashimizga tayanib, oʻz tanlovimizni qildik. Bugungi qilgan qarorimiz ertangi taraqqiyotimiz, chiroyli turmushimiz, mamlakatimiz farovonligi, yurtimiz osoyishtaligini  belgilab berishiga ishonamiz.

Birlik bor – tiriklik bor

Yurtimizning har bir fuqarosi 24-oktyabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy voqea – Prezident saylovida ishtirok etib, oʻz qarorini qabul qildi.  Biz  oʻzimiz ulugʻ va masʼuliyatli lavozimga munosib deb topgan nomzodga – yurtimiz kelajagi, Vatanimiz istiqboli, jahon hamjamiyatidagi oʻrni, kelgusidagi ravnaqi, xalq farovonligi yoʻlida sobit va tolmas yetakchi boʻlishiga amin boʻlgan insonga ovozimizni berdik.

Ijtimoiy tarmoqlarda jamiyatimizning turli soha vakillari saylovdagi ishtiroklari va saylov jarayoni borasidagi shaxsiy fikrlarini bildirdilar. Instagram, Facebook, Telegram sahifalari saylov uchastkalaridagi fotosuratlar, fotolavhalar, munosabat va fikrlar bilan toʻlib ketdi. “Men va oilam uchun bugun juda muhim kun” , “Bugun saylov kuni”, “Men oʻz ovozimni yurtim kelajagi uchun berdim!”,  “Men saylovda qatnashdim… Sizchi?… “, “Yangi Oʻzbekiston uchun ovoz berdim!” kabi yuzlab postlar xalqning kayfiyatini, faolligini namoyon qildi.  Xorijdagi saylov uchastkalarida, xususan, Moskavada oʻz ovozini berish uchun navbatda turgan vatandoshlarimiz fotosuratlari ijtimoiy tarmoq va kanallarda tarqaldi. Bu yana bir bor mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga boʻlgan ishonch, fuqarolarimizning yurtimiz kelajagiga befarq emasliklaridan dalolat. Axir, oxirgi 5 yildagi oʻzgarish va islohotlar jamiyatning eng kichik boʻgʻini boʻlmish har bir oila, xonadondan tortib, tuman, viloyat, shaharlar va butun mamlamkat hayotida oʻzining ijobiy aksini topmadimi?! Demak, halqimiz oʻz tanlovi yurt ravnaqi, tinchlik-osoyishtaligi, farzandlarimizning sifatli taʼlim olishi va farovon hayot kechirishining muhim garovi ekanligini toʻgʻri angladi. Zero, koʻpchilik yakdil fikrga kelibdimi – demak bunda hikmat bor, haqiqat bor.

Saylov jarayonlarining faol ishtirokchisi sifatida bugun yurtimiz fuqarolarining jamiyatda qanday maqomga ega boʻlishidan qatʼi nazar, yurt istiqboli uchun javobgarlik, burch hissi ortganligi, fuqarolik tuygʻusi yuksalganligi, eng muhimi, xalqimiz orasida kelajakka ishonch va birdamlik, yakdillik tuygʻusi barqarorligiga amin boʻldim.

 Saylovda Oʻzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqadigan avlod — yoshlarning faolligi alohida eʼtirofga loyiq.  Ular “yoshlarning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirish, vatanparvarlik, xalqqa muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol avlodni tarbiyalash” oliy maqsad qilib belgilangan kelajak uchun ovoz berdilar.  

Albatta, “ pul bermas maʼraka buzar”  deganlaridek, bizning ovozimiz hech nimani hal qilmaydi degan loqayd, befarq, buzgʻunchilik kayfiyatini tarqatib, jamiyatdagi  oʻzgarishlarga bilgan-bilmagan holda gʻov boʻladiganlar har doim, har qanday jamiyatda boʻlgani kabi, bizda ham uchradi. Ular ham aytadiganini aytib oldi, hech kim fikr bildirishga toʻsqinlik qilgani yoʻq  ularga. Xalq esa oʻz tanlovini qildi.

Eng asosiysi, saylovga munosabat oʻzgardi. Xalqimiz uygʻoq, tetik,  oʻz fuqarolik burchini anglagan, u mamlakat taqdiri uning oʻz qoʻlida ekanligini toʻla his qildi.   

Gʻalvir suvdan koʻtarildi.

Saylov umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar hamda demokratik tamoyillar asosida, shaffof, ochiq-oshkora oʻtdi, ayni paytda xalqaro hamjamiyat eʼtiborida boʻldi. Saylovda ishtirok etgan 1000 dan ziyod xalqaro kuzatuvchilar ommaviy axborot vositalarida saylov jarayoniga hamda Markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga demokratik, ochiqlik va shaffoflik nuqtayi nazaridan ijobiy baholarini berdilar. Saylovning nafaqat targʻibot-tashviqot, balki tashkiliy jihatdan ham yuqori saviyada oʻtkazilgani, fuqarolarning faolligi,  jamiyatning madaniy va siyosiy ongi yuksalganligi  meni quvontirdi. Bir soʻz bilan aytganda, Prezident sayloviga tayyorgarlik va uni oʻtkazish jarayonlari xalqaro va milliy qonunchilik, demokratik talablar asosida amalga oshirildi.  Birgina saylovoldi tashviqotlar uchun teng imkoniyatlar yaratilgani , gender muvozanatni saqlab, nomzodlar orasida ayol kishi boʻlgani, misli koʻrilmagan darajada soʻz erkinligi, faol jamoatchilik muhokamalari, ijtimoiy tarmoqdagi munosabatlar, ilk bora debatlar tashkil etilgani, 1000 dan ziyod xalqaro kuzatuvchilar ishtiroki saylovning yuqori saviyada oʻtganligining dalilidir. Ochiq va shaffof, qonuniy va tartibli oʻtgan Prezident saylovi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishda muhim omillardan biri boʻlganligiga shubha yoʻq.

Taraqqiyot va farovonlik uchun ovoz berdik!

Menimcha, saylovda ishtirok etgan har bir mamlakat taqdiriga befarq boʻlmagan chin fuqaro qalbida nafaqat oʻzining konistutsiyaviy burchini ado etish, balki jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etish istagi boʻldi. Mamlakatda barqarorlik, tinchlik, yaʼni qoʻshnilar bilan yaxshi munosabatlar, muvozanatli tashqi siyosat, ulkan islohotlarning davom etishi, turmush farovonligi, inson qadrining yuksalishi istagida oʻz ovozlarini eng munosib nomzodga berdilar. Bu bilan boshlangan islohotlar hayotimizni yanada koʻrkam va farovon qilishiga, barchasi “inson qadri uchun” shiori amalga oshishga ishonch bildirdilar.

Mehribon ABDURAXMANOVA

Manba: nuz.uz