09.10.2021 2180

“Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgon oyinai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur"

A.Avloniy

Til yoʻqolsa, madaniyat yoʻqoladi, zero aynan til madaniyatni tarqatuvchidir. Har bir millatning madaniy oʻziga xosligi uning tilida aks etadi. Shu bois azaldan til maqomi, uni saqlash va asrab-avaylash,  avloddan avlodga yetkazish, taraqqiyoti borasida qaygʻurish  har bir xalqning oʻzligini anglash darajasi koʻrsatkichidir.  Bilish, muloqot, ijtimoiy integratsiya, taʼlim va rivojlanish jarayonlari bilan bevosita bogʻliq tillar doimo strategik ahamiyat kasb etgan.

Shu bilan birga globallashuv jarayoni tillarning yashashiga  tahdid solayotgani hech kimga sir emas. Taassufki, bir tilning yoʻqolishi bilan jahon madaniy xazinasining rang-barangligiga ham putur yetadi. Bu bilan esa anʼanalar, adabiyot, milliy sanʼat,  madaniy meros, milliy tafakkur - barcha bebaho qadriyatlar ham izsiz unutiladi. Natijada jamiyatlar oʻziga xosligi, milliy zehniyat xilma-xilligidan mahrum boʻladi. 

Hozirgi islohotlar jarayonida hukumatimiz tomonidan ona tilimizga mustahkam huquqiy asos yaratib berilayotgani va yuksak maqomga egaligini eʼtirof etish kerak, albatta. Tilimiz davlat va jamiyat boshqaruvi, ilm-fan tiliga aylandi. Xalqaro anjumanlarda minbardan ona tilimiz yangradi. Bu olamshumul voqea boʻldi.

Til sohasida qoʻlga kiritilgan ulkan yutuqlar bizni quvontiradi va gʻururlantirdi, biroq ayni paytda, davlat tilini bilish va qoʻllanishi bilan bogʻliq hozirgi kunda yuzaga kelayotgan muammolar bizni oʻyga toldirmoqda.

Shu maʼnoda, hozirgi Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarida ham til masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilishi tabiiy. Lekin  aniq bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan strategik reja boʻlishi zarurdir.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi dasturida bir qator aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishga  eʼtibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Xoʻsh, til siyosatini yana rivojlantirish yuzasidan aniq  takliflar dasturlarda aks etganmi?

Til yashasa, millat yashaydi. Zero, til davlat  qudrati, nufuzi ramzidir

Bilamizki, YUNESKO loyihasi asosida  “yoʻqolish xavfi ostidagi dunyo tillari atlasi” yaratilganligi bejiz emas. Ushbu loyihaning maqsadi – hukumat vakillari, til hamjamiyatlari va keng omma eʼtiborini ushbu muammoga jalb qilishdir. Atlas taʼbir joiz boʻlsa, dunyo tillarning rang-barangligidan mahrum boʻlib qolishi mumkinligi xavfidan oʻziga xos ogohlantirishdir.

Loyihada tilning saqlanib qolishi uchun muhim boʻlgan omillar qayd etilgan, ular orasida eng asosiy omil tilni avloddan avlodga yetkazish, vorisiylikni taʼminlashdir.  Loyihada tilning yoʻqolishiga tahdid boʻlgan belgilardan biri sifatida  “bu tilda koʻpchilik, xususan, yosh avlod ham soʻzlashadi, lekin uning qoʻllanish darajasi maʼlum sohalar bilan cheklanadi”,  deb koʻrsatilgan. 

Demak, davlat tili maqomiga ega tilimizni barcha jabhalarda keng qoʻllanishini taʼminlash uchun aniq chora-tadbirlarimiz bormi?

Odatda, davlat tili va rasmiy til maqomlari baʼzan ayni bir maʼnoda ishlatiladi, yaʼni tilning davlat tili ekani unga rasmiylik nufuzini beradi.

Mazkur tushunchalarga aniqlik kiritish maqsadida 1953-yildayoq YUNESKO tomonidan davlat tili va rasmiy tilga taʼrif berilgan edi. Albatta, bu taʼrif tavsiyaviy xarakterda boʻlib, uni barcha davlatlarga nisbatan aynan tatbiq etish shart emas. Unga koʻra davlat tili – bu muayayn davlat doirasida siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarni birlashtiruvchi vazifani bajaruvchi davlat ramzi boʻlib, eng avvalo, konstitutsiya tilidir. Rasmiy til esa davlat boshqaruvi, qonunchilik va sud ishlarini yuritish tilidir.

Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki,   davlat tili maqomi har doim ham tilning rasmiy ish yuritishda keng qoʻllanilishini anglatavermaydi.

Tilning faqat muayyan sohalarda, masalan, maishiy hayot, norasmiy muloqot, adabiyot va sanʼatda qoʻllanilishi uning nufuzini bora-bora tushiradi. Batamom xavfdan xoli til davlat va rasmiylik maqomiga birdek daʼvo qila oladi. Shu nuqtayi nazardan davlat tilimizning qoʻllanishi doirasi koʻlamini tahlil qilgan holda, uni rasmiy ish yuritish tili sifatida barcha sohalardagi mavqeini yanada koʻtarish uchun qanday chora-tadbirlar ishlab chiqish kerak?

Yana savodxonlik haqida gapirishga majburmiz

Hozirga qadar muomalada ikki yozuvdan foydalanilayotganimiz bois rasmiy idora va tashkilotlarda oʻzbek tilida ish yuritishdan koʻra xizmat yozishmalarini rus tilida rasmiylashtirish afzal koʻrilmoqda. Yil sayin yozuv bilan bogʻliq muammo jiddiy tus olmoqda. Umumiy savodxonlikning pasayishi, mutolaa madaniyatining tushib ketganligining asosiy sabablaridan biri ham  alifbo bilan bogʻliqdir. Tilning nufuzi, taraqqiyoti bevosita yozuv va imlo qoidalarining yagonaligi xamda mukammalligi bilan taʼminlanadi.

Saylov davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy salohiyatini koʻrsatish imkoniyati ekan,  yanada taraqqiy etgan va yuksak jamiyatni barpo etishda, hech bir masala diqqat-eʼtiborimizdan chetda qolishi mumkin emas. Davlat tili esa siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarni birlashtiruvchi vazifani bajaruvchi davlat ramzidir.

Mexribon Abduraxmanova
Oʻzbek va rus tillari kafedrasi mudiri