15.04.2021 1704

Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilari oʻrtasidagi ilk tarixiy onlayn-sammit ilmiy va akademik doiralarda ham nihoyatda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Janubiy Osiyodagi ushbu yirik davlat nafaqat iqtisodiy va harbiy, balki intellektual va insoniy resurslari bilan ham jahonda oʻzining munosib oʻrni va nufuziga egadir. Chunki 220 milliondan ortiq aholisi boʻlgan mamlakat bugun barcha jabhalarda jadal rivojlanish yoʻlini bosib oʻtmoqda.

Shu bois ilmiy va taʼlim sohasidagi aloqalar ikki tomonlama munosabatlarimizda muhim yoʻnalish hisoblanadi. Oʻzbekistonning qator oliy oʻquv yurtlarida, ayniqsa tibbiyot sohasida yuzlab pokistonlik yoshlarning tahsil olayotgani bu fikrimizni yaqqol isbotlaydi.

Qolaversa, bu yoʻnalishdagi faollashuv Oʻzbekistonning tashqi dunyoga ochiqlik siyosati kechayotgan oxirgi toʻrt yilda kuzatilayotgani ham diqqatga sazovordir.

Ushbu oyda bizning universitetimiz ham Pokiston Islom Respublikasi Diplomatik faoliyat Akademiyasi bilan aloqalarni oʻrnatishga qaratilgan navbatdagi muhim qadamni tashladi.  

Mazkur Akademiyaning Bosh direktori, taniqli diplomat, favqulodda va muxtor elchi diplomatik martabasiga ega Imron Ahmad Mirza bilan oʻtkazilgan onlayn muzokaralar natijasida ilmiy va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro manfaatli va sermahsul aloqalar oʻrnatishga kelishib olindi.  

Taʼkidlashim joizki, JIDU xalqaro aloqalar sohasida bugunga kelib yetmishga yaqin shartnoma, hamkorlik memorandumlari va protokollar imzolagan.

Ular orasida Buyuk Britaniyaning Kent, Kembrij, Nortumbriya universitetlari, AQSHdagi Nebraska universiteti, Yevropadagi Sharq tillari va sivilizatsiyalari Fransuz Milliy Instituti, Shvetsiyaning Lund universiteti, Ispaniyadagi San-Pablo, Kastiliya-La Mancha, Nebrixa universitetlari, Vengriya Diplomatik Akademiyasi, Slovakiya universiteti, Yaponiyadagi Vaseda, Xokkaydo, Nagoya, Sukuba kabi taniqli universitetlar, Koreya Respublikasining Xankuk, Koreya, Aju, Seul, Silla universitetlari, Rossiyadagi Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti, Diplomatik Akademiya, Ural va Novgorod davlat iqtisodiy universitetlari, shu jumladan Misr, Malayziya, Indoneziya, Oʻman, Jazoir, Marokash, qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmanistondagi oliy oʻquv yurtlarini va boshqa qator oʻquv maskanlari ham bor.

Pokiston Diplomatik xizmat akademiyasi esa Pokiston tashqi ishlar vazirligi oʻquv muassasasi hisoblanib, 1981-yilda tashkil etilgan va bu yil 40 yillik tantanalarini keng nishonlamoqda.  

Aytish oʻrinliki, Pokiston tashqi ishlar vazirligi hukumatdagi eng muhim vazirliklardan biri boʻlib, mamlakat tashqi siyosatini amalga oshirishga, boshqa davlatlar bilan iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalarni kengaytirishga masʼuldir. Shu maʼnoda Akademiya vazirlikning “oʻziga xos ilmiy yuragi”, desa ham hech mubolagʻa boʻlmaydi.  

Akademiya oʻtgan vaqt davomida minglab pokistonlik diplomatlarni tayyorlagan, hozirda tashqi ishlar vazirligi tizimidagi xodimlarning aksariyati uni tamomlagan. Bu yerda ular doimiy tarzda oʻz bilim va malakalarini oshirib kelmoqdalar, olgan amaliy koʻnikmalarini nazariya bilan uygʻunlashtirmoqdalar.  

Bu yerda xorijdan kelgan diplomatlar uchun 21 ta maxsus oʻquv kurslari tashkil etilgan va hozirgacha 109 mamlakatdan kelgan mutaxassislar bu yerda tahsil olganlar.

Pokiston tashqi siyosat konsepsiyasi, diplomatiya tarixi va nazariyasi, mintaqaviy hamkorlik mexanizmlari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalar, musulmon mamlakatlar va jahonning qudratli kuch markazlari bilan munosabatlar tizimi, tashqi siyosatni shakllantirishdagi muhim bitim va shartnomalar Akademiyada salohiyatli olimlar tomonidan chuqur va puxta oʻrgatiladi.  

Kelgusida ikki oliy taʼlim maskanlarimiz oʻrtasida tegishli Bitimning imzolash orqali ilmiy sohaga oid tadqiqotlarni birgalikda olib borish, olimlar oʻrtasida manfaatli almashuvlarni tashkil etish, professor-oʻqituvchilar ishtirokida dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar boʻyicha seminarlar, simpoziumlar oʻtkazish, maʼmuriy va ilmiy xodimlar malakasini oshirish, qoʻshma ilmiy va metodik ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.  

Komiljon Karimov
JIDU rektori

Manba: OʻzA