06.04.2021 2373

Zamonaviy demokratik davlatlarda saylovlar xalq hokimiyatchiligi tamoyilning asosi boʻlib, u fuqarolarning xohish-irodasini ifoda etishning asosiy shakli va xalq suverenitetini amalga oshirish shaklidir. Saylovlarda ishtirok etish Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini amalga oshirishga, shuningdek, vakillik va ijro hokimiyati organlarining shakllanishi va faoliyatini nazorat qilishga imkon beradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasida saylov huquqi, tenglik va soʻz erkinligini kafolatlangan. 2019-yil 25-iyunda qabul qilingan Saylov kodeksi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etishini taʼminlaydigan kafolatlarni belgilaydi.

1990-yilgi EXHT Kopengagen hujjatining 6-bandida, davriy va chinakam saylovlar orqali erkin va adolatli ifoda etilgan xalq irodasi har qanday hukumatning vakolati va qonuniyligining asosi ekanligi belgilab qoʻyilgan. Ishtirokchi-davlatlar, oʻz fuqarolarining toʻgʻridan-toʻgʻri yoki ular tomonidan adolatli saylov jarayonida erkin saylangan vakillar orqali mamlakat boshqaruvida ishtirok etish huquqini hurmat qilishadi.

Fuqarolarning saylov va huquqiy madaniyati – saylovlarni hokimiyatning qonuniy boshqaruv mexanizmi sifatida belgilaydigan omillardan biridir. Tor maʼnoda saylov va huquqiy madaniyat fuqarolarning saylov jarayoniga oʻzining dahdorlik anʼanalari, keng maʼnoda esa bu davlat boshqaruvida ishtirok etish madaniyati va saylov qonunchiligini qoʻllash amaliyoti deb tushuniladi.

Ayollar va yoshlarning saylov jarayonlaridagi ishtiroki va ularning elektoral madaniyati – ularning siyosiy eʼtiroflarida namoyon boʻladi. Umuman olganda, ovoz berish natijalariga eng kuchli taʼsir etuvchi omil sifatida ayollar va yoshlarning saylovlarda faolligi hisoblanadi. Mazkur holatni biz ikki asosiy omil, yaʼni, birinchidan, jamiyatimizning yarmini ayollar tashkil etishi, ikkinchidan esa, hozirgi kunda davlatimizning 60% foizdan oshiq qatlami kelajagimiz davomchilari – yoshlar tashkil etishi muhim taʼsir etuvchi vosita deb qayd etish lozim. Siyosiy jarayonlarda ayollar va yoshlar faol ishtiroki – saylovlarning demokratik anʼnalarini mustahkamlash hamda saylov jarayonlarida yangiliklarga ochiqligida aks etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasiga binoan ayollar va erkaklar teng huquqlarga egadirlar. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-iyun 2019-yil Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida soʻzlagan nutqida, “Qadim zamonlardan buyon xalqimiz ayollarga yuksak ehtirom koʻrsatib kelmoqda, ayniqsa muqaddas Ona siymosini hurmat qilgan. Ayolga hurmat, bu avvalo oilaga, jamiyatimiz kelajagiga hurmat. Shu nuqtayi nazardan, “har qanday jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga boʻlgan munosabati bilan belgilanadi”, degan soʻzlarga chuqur maʼno singdirilgan. Taniqli oʻzbek yozuvchisi Abdurauf Fitrat ham, ayollarning alohida oʻrnini doim oʻz asarlarida bitgan.

Prezidentimizning bu sohada katta tashabbuslari va shijoatlari bilan, bugun ayollarning huquqlari va davlat boshqaruvidagi real ishtiroki borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2019-yil 2-sentyabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ayollar va erkaklar shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini amalga oshirishda teng huquqlarini kafolatlashga yanada zamin yaratdi. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, saylov jarayonida teng ishtirok etishni, sogʻliqni saqlash, taʼlim, fan, madaniyat, mehnat va ijtimoiy himoya sohalarida, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlar taʼminlanishini kafolatlaydi.

Joriy yilning 22-fevral kuni davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha kengashi sessiyasida nutq soʻzlab, ijtimoiy-siyosiy hayotda va tadbirkorlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlar qatʼiy davom ettirilishini taʼkidlagan edi.

Oʻzbekiston Prezidenti taʼbiri bilan aytganda, hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini kafolatlash yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanib bormoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda mehnat bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Boshqaruv tizimida ularning ulushi 33 foizga yetdi. Bir yarim mingga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Bu boradagi salohiyatni yanada oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirilgani qayd etildi. 8-mart tantanali marosim tabrigida davlatimiz rahbari 6 ta tumanda ayollar hokim vazifasida ishlayotganini taʼkidlab, ularni olqishladi.

Oʻzbekistonda davlat qurilishi va boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy islohotlar xotin-qizlar rolini oshirish kunning dolzarb masalalasi sifatida, ularga oʻz salohiyati, bilim va isteʼdodini yuzaga chiqarish uchun sharoitlar yaratilmoqda. Prezidentimizning beshta tashabbusining amalga oshirilishi xotin-qizlarning roliga eʼtiborni oshirish va ularning turli sohalarda bandligini oshirishga yordam bermoqda.

Mamlakatimizda ayollarning siyosiy faolligini kuchaytirish koʻplab ijtimoiy muammolarni hal qilishga yordam beradi. Biz ayollarni qanchalik faol targʻib qilsak, jamiyatdagi ayollar bilan bogʻliq muammolar shunchalik tez va samarali hal etiladi. Oʻz siyosiy va fuqarolik pozitsiyalarini faol va erkin ifoda etgan ayollar oʻz farzandlarini tarbiyalash bilan birga oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish, doimiy ish joyiga ega boʻlish va jamiyatda oldinga siljish imkoniyatiga ega boʻladilar. Ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish – bu tenglik prinsipini qoʻllab-quvvatlash, bu jamiyatning adolatli va barqaror rivojlanishining kalitidir.

Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, parlamentdagi ayollar soni ijobiy rol oʻynaydi, chunki parlamentdagi ayollar qancha koʻp boʻlsa, ayollar, yoshlar va butun jamiyatning muammolarini hal qilish, ularga mehr va adolat nuqtayi nazaridan yondashish, umuman olganda, gender dinamikasini oʻzgartirish ehtimoli shunchalik yuqori boʻladi. Parlamentdagi ayol deputatlar nisbatiy hajmi siyosiy munozaralarning mohiyatiga kuchli taʼsir qiladi. Bugungi kunda anglash juda muhim: siyosatdagi erkaklar va ayollarning sherikligi asosida siyosiy boshqaruvga ega davlatni yaratishdan butun jamiyat qanday foyda koʻrishi mumkin? Javob oddiy: siyosatdagi erkaklar va ayollar oʻrtasidagi sheriklik yanada toʻliq vakillik demokratiyasining manbai hisoblanadi, chunki jamiyatda koʻp qutbli manfaatlarini hisobga olish uchun real imkoniyatlar yaratiladi.

Davlatda yoshlar qancha koʻp boʻlsa, saylovlarni yangi tizimda muvaffaqiyatli oʻtkazish sharoiti shuncha yuqori boʻladi. Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv nutqining avvalida: “Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning gʻayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, koʻnglim togʻday koʻtariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman”, dedi.

Mamlakatda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning siyosiy hayotda faol ishtiroklari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi yillarda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berishga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda. Xususan, bugungacha parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan boʻlib, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

2017-yil boshidan buyon mustaqil Oʻzbekiston tarixida yangi qadamlar, tizimli ishlar ayollar va yoshlarning siyosiy hayotidagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugun siyosiy partiyalar ayollar va yoshlarga nisbatan jamiyatimizning passiv aʼzolar sifatida emas, balki faol siyosiy kuch sifatida qarashi muhimdir. Asosiy eʼtiborni siyosiy partiyalarning oʻz harakat rejalari, yaʼni ayollar va yoshlarning siyosiy faolligini yanada oshirish va ularning elektoral madaniyatini oshirish boʻyicha aniq yoʻl xaritasini taqdim etuvchi keng qamrovli strategik hujjatlar qabul qilishlari lozim.

Partiyalarning asosiy maqsadi – saylovlar yakunida yaxshi natijadir. Shu maqsadda, ular potensial ayol va yoshlar vakillaridan nomzodlarni jalb qilish va ularning isteʼdodi va salohiyatini rivojlantirishga koʻmaklashish kabi masalalarga ahamiyat berishlari lozim. Partiyalar siyosiy jarayonlarga, jamiyat va davlatning siyosiy madaniyatiga sezilarli taʼsir koʻrsatishga qodir ayol va yosh siyosatchilarni tarbiyalash yuzasidan tizimli ishlar olib borishlari kerak. Buning uchun siyosiy partiyalarning yangi, puxta va izchil saʼy-harakatlari, ayol va yoshlar vakil nomzodlarni koʻrsatishda siyosiy texnologiyalardan foydalanishga yangicha yondashuvlari talab etiladi. Ayollar va yoshlarning siyosiy hayotning barcha jabhalarida keng ishtirokini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalaridan foydalanishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar, yangi dasturlar va strategiyalarni ishlab chiqish mamlakat saylov va huquqiy madaniyatini sezilarli darajada oshiradi.

Xulosa oʻrnida, qonunlar faqat ayollar va yoshlarga vakolat beradigan, mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotida toʻliq va teng ishtirok etishini kafolatlaydigan ragʻbatlantiruvchi vositalardir, qolgan barcha harakatlarning hammasi ushbu jarayonda butun fuqarolik jamiyatining doimiy ishtiroki bilan taʼminlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi
Gulnoza Ismailova

Manba: Yoshlar Ovozi №9 (16415) 2021-yil 31-mart