30.01.2021 2238

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Indoneziya parlamenti Vakillar palatasi Parlamentlararo hamkorlik qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mardani Ali Sera boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Universitet professor-oʻqituvchilari, talabalar ishtirok etgan uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Indoneziya munosabatlarining bugungi holati, jumladan, iqtisodiyot, siyosat, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik yoʻnalishlari istiqboli xususida soʻz bordi. Mehmonlarda, ayniqsa, yurtimizda sayyohlik yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu sohani rivojlantirish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va diyorimizdagi tarixiy yodgorliklar haqidagi maʼlumotlar katta qiziqish uygʻotdi. Darvoqe, indoneziyaliklar universitetga tashrif buyurishdan oldin Samarqand viloyatida boʻlishgan.

Tadbir chogʻida delegatsiya aʼzolari uchun Indoneziya toʻgʻrisida hikoya qiluvchi qisqacha qiziqarli taqdimot ham namoyish etildi. Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish oʻrinli, universitet talabalari ushbu davlatning bugungi kuni, mamlakatdagi mavjud madaniy meros obyektlari bilan bogʻliq noodatiy suhbatga ham qoʻshildilar.

Muloqot soʻngida yoshlarning sunʼiy intellekt, jamiyatda ayollar oʻrni, turizm va mamlakatlar barqaror rivojlanishi muammolari kabi dolzarb masalalar boʻyicha savollariga javob berildi.

Behroʻz XUDOYBERDIYEV, OʻzA

Foto: JIDU matbuot xizmati