09.01.2021 2510

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida xotin-qizlarga munosabat, ayollarga munosib hayot sharoitlarini yaratib berish, ularning muammolarini tizimli oʻrganish, mehnat faoliyati va tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratildi.

Darhaqiqat, oʻtgan yili avvalgi yillardan farqli ravishda, murakkab bir davrga toʻgʻri keldi. Butun insoniyat tarixda misli koʻrilmagan balo –koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish bilan mashgʻul boʻldi.

90 millionga yaqin inson unga chalingan boʻlsa, qariyb 2 million odam qurbon boʻldi, koʻrilgan zarar miqdori 4 trillion dollardan oshib ketdi. Nobud boʻlganlarning oʻzi sayyoramizdagi kichikroq davlat aholisiga tengdir.

Pandemiya tufayli dunyo miqyosida yarim milliard inson ish oʻrnini yoʻqotdi. Albatta, bunda eng katta zararni xotin-qizlar, farzandli va boquvchisini yoʻqotgan ayollar koʻrdi, desak bu ham xato boʻlmaydi.

Yurtimizda xotin-qizlar bir necha yoʻnalishlarda qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Birinchidan, Oʻzbekistonning barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar va yoshlardan tashqari, ayollar bilan manzilli ishlashga qaratilgan “temir daftar” tizimi orqali qisqa muddatda 527 ming fuqaroning bandligi taʼminlandi.

Ikkinchidan, soʻnggi 4 yilda kichik yoshdagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi ikki barobar ortib, 60 foizga yetkazilgani, bogʻchalar soni ham uch barobar koʻpayib 14 mingga yetkazilgani ham uyda asosan bola tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlib qolayotgan ayollarimizga katta yengillik beradi.

2023-yil yakuni bilan maktabgacha taʼlim qamrovini 75 foizga yetkazish gʻoyasi juda katta rejadir. YUNISEF hamda Jahon banki bilan hamkorlikda imkoniyati cheklangan bolalar uchun maktabgacha taʼlimni uyda berish modeli yoʻlga qoʻyilishi xotin-qizlarimizga yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.

Uchinchidan, yoshlarimizni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 25 foizga yetkazildi.

Eʼtiborli tomoni ularning aksariyati qiz bolalar ekani bizni cheksiz quvontiradi. Oliy maʼlumotli diplomga ega har bir qiz hayotda oʻz oʻrnini topishi, kelgusida ijtimoiy faol insonga aylanishini davrning oʻzi tasdiqlab turibdi.

Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalarning mingga yaqin qizlari ilk bor oliy oʻquv yurtlariga alohida davlat grantlari asosida qabul qilingani davlatning eʼtiborga muhtoj oilalarga koʻrsatayotgan cheksiz ragʻbati ifodasidir. Bu yil ular miqdori ikki hissa oshirilishi esa hayotga katta umid bilan boqayotgan bunday toifadagi qizlarimiz qalbini togʻday koʻtardi.  

Toʻrtinchidan, xorijda adashib, oʻz yoʻlini yoʻqotgan va qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarimizning konstitutsiyaviy huquqlarini ishonchli himoya qilish maqsadida navbatdagi “Mehr-3” operatsiyasi amalga oshirildi. Suriyadan yana 98 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar Vatanimizga olib kelingani buning yaqqol tasdigʻidir.

Ular shunchaki olib kelingani yoʻq, balki bu yerda ham chuqur psixologik yordam koʻrsatilib, qobiliyatiga yarasha ishga joylashtirilib, mavjud muammolariga ijobiy yechim topilmoqda.

Men oʻzim Toshkent shahar Zulfiya nomidagi Davlat komissiyasi va Maktabgacha taʼlim vazirligi qoshidagi Jamoat Kengash aʼzosi sifatida tizimli gʻamxoʻrlikni oʻz hayotimda chuqur his qilib kelmoqdaman.

Albatta, Oʻzbekiston Rahbarining gender tenglikni taʼminlash borasidagi harakatlari joriy yilda ham izchil davom ettiriladi va biz olima ayollar belgilangan vazifalar doirasida oʻzimiz uchun alohida “Yoʻl xaritalari”ni ishlab oldik. Albatta, ilmiy doiralar vakillari ham ularni toʻliq ijrosini taʼminlash uchun qoʻl qovushtirib oʻtirmasdan, yanada faollik va jonbozlik koʻrsatishi zarur.

Eʼtibor Sultanova,
JIDU professori, siyosiy fanlari doktori

Manba: OʻzA