Murojaatnoma biz uchun katta imkoniyat va yuksak masʼuliyat
06.01.2021 2206
Davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish jarayonida ilmiy tadqiqot ishlarini toʻgʻri tashkil etish, ularning samaradorligini keskin oshirishga, bir soʻz bilan aytganda ilm ahlini, olimlarni, izlanishda boʻlgan jamiki yoshlarni qoʻllab-quvvatlashgan muhim ahamiyat qaratilmoqda.
Binobarin, barcha darajadagi boshqaruv institutlarining faoliyatida chuqur ilmiy izlanishlar olib bormasdan turib, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy sohalarda sifat oʻzgarishlariga erishish mumkin emasligini chuqur idrok qilish bu oʻzgarishlarning mazmun-mohiyatini tashkil qilmoqda.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “mamlakat taraqqiyotining zamini hech shubhasiz, ilm-fan va innovatsiyalardir”, deya qilgan xitoblari soha xodimlariga yangicha joʻshqinlik va gʻayrat baxshida etdi.
Yurtimizda olib borilayotgan koʻlamdor oʻzgarishlarni ham chuqur, tizimli va fundamental tahlil qilish, yaqin va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan davlat dasturlari, strategiya va konsepsiyalarni ishlab chiqish zamirida ilm-fan asosiga tayanilmoqda.
Globallashuv va raqobatning kuchayishi, jahonda oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan oʻzgarishlar fonida mamlakatning barqaror rivojlanish uchun prinsipial yangi gʻoyalar va tamoyillar shunchalik zarurki, uni taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalarni ragʻbatlantirmasdan turib amalga oshirib boʻlmaydi.
Prezidentimiz tomonidan oʻtgan yili qabul qilgan Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi farmon sohaga uzoq muddatli yondashuv boʻlib, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni yetarli darajada safarbar etishga qaratilgan.
Ushbu muhim hujjat zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, ilm-fanni tizimli isloh qilish, soha xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda tarixiy qadam boʻldi.
Zero, biz oldimizga qoʻyayotgan Uchinchi Renessansni ham, farovon jamiyat va taraqqiy etgan mamlakatni barpo etish ishlarini ham yetuk olimlarsiz bajarib boʻlmasligini davlatimiz Rahbari bot-bot va kuyunchaklik bilan taʼkidlayotganlari bejiz emas.
Oxirgi yillarda turli sohalarda doktorantlar soni 4,5 mingtaga yetkazilgani, bu koʻrsatkich 2017-yilga nisbatan 3 barobarga oshgani, byudjetdan qoʻshimcha 240 milliard soʻm ajratilgani shulardan dalolat berib bormoqda.
Eʼtiborli tomoni, Murojaatnomada Prezidentimiz tashabbuslari bilan ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarini berish vakolatini tegishli yoʻnalishi boʻyicha eng nufuzli boʻlgan oliygohlarning ilmiy kengashlarining oʻziga oʻtkazilish taklifi ilmiy dunyomizda yangi qadam boʻldi.
Bu bir tomondan oliy taʼlim muassasalarining nufuzini va masʼuliyatini oshirish, mustaqilligini kuchaytirish va ilmiy salohiyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Ikkinchi tomondan esa, oʻz kelajagini ilm yoʻlida koʻrayotgan, butun borligʻini fanga baxshida etayotgan isteʼdodli va salohiyatli yoshlarimizning gul umrini havoga sovurmasdan koʻproq foydali mashgʻulotlar bilan shugʻullanishi uchun munosib sharoit yaratiladi.
Ming afsuski, yaqin oʻtmishimizda turli sunʼiy toʻsiqlar sababli ilmiy izlanishlarini oxiriga yetkaza olmay hafsalasi bir boʻlgan avlod vakillari va ularning armonlari haqida istalgancha misollar keltirish mumkin.
Murojaatnomaning oliy oʻquv yurtlariga daxldor qismi bizga katta masʼuliyat yuklaydi. Jumladan, ilmiy va innovatsion yutuqlarni amaliyotga keng joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, ilmiy va eksperimental ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar, yuqori texnologiyalar markazi, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzuridagi texnoparklarni yaratish vazifalari kun tartibiga chiqmoqda.
Qolaversa, yuqori bilimli va iqtidorli yoshlarni ilmiy ishlarga faol jalb etish, ularning izlanishlarini dunyo miqyosida keng yoyish va amaliyotga samarali tatbiq etish ham asosiy faoliyatimiz hisoblanadi.
Gulnoza ISMAILOVA,
JIDU prorektori, yuridik fanlari doktori
Manba: OʻzA