19.11.2020 3906

Shiddat bilan rivojlanayotgan zamonamizda raqamli texnologiyalarning taraqqiyoti – jamiyat hayotining har bir jabhasiga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Odamlar orasidagi masofa virtual hayot tufayli toboro qisqarib, iqtisodiy munosabatlar, kelishuv va muzokaralar ham axborot tehnologiyalari vositasida masofadan turib amalga oshirilmoqda. Xususan, bugungi pandemiya sharoitida ham bu davr va vaziyat taqozosi boʻlib, oʻz navbatida, yangi paydo boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni toʻliq va samarali tartib solish uchun yangi huquq normalarni ishlab chiqish – eng dolzarb masalalardandir.

Shuningdek, raqamlashtirish va moliyaviy texnologiyalarning joriy etilishi dunyoning aksariyat mamlakatlari iqtisodiyoti, moliya bozorlaridagi mavjud holatlarni tubdan oʻzgartirmoqda. Yangiliklar va zamonaviy infratuzilma tufayli ilgari shaxsiy ishtirok va koʻp vaqt talab qilgan koʻplab operatsiyalar, endilikda “bitta tugmani bosish” orqali bir necha daqiqada amalga oshirilishi mumkin boʻlib qoldi. Xususan, bu imkoniyat fuqarolik munosabatlaridagi kelishuvlar, turli shartnomalarini tuzishga ham taaluqlidir.

Taʼkidlash joizki, informatikaning taraqqiyoti reestrlar taqsimoti texnologiyalarining paydo boʻlishiga olib kelib, bu holat smart shartnomalar rivoji uchun asos boʻlib xizmat qildi. Ilk bora aqlli shartnoma gʻoyasi AQSHlik informatika, kriptografiya va huquq boʻyicha mutaxassis Nika Sabo tomonidan 1994-yilda ilgari surilgan boʻlib, u mazkur shartnomani: “tomonlar oʻrtasidagi majburiyatlarning raqamli vakili, shu jumladan ushbu majburiyatlarni bajarish uchun protokol”, - deb taʼriflaydi.

Bugungi kunda 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida telekommunikatsiya sohasi, davlat xizmatlarini koʻrsatish, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlari, sogʻliqni saqlash, davlat kadastri va boshqa sohalarda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” dasturini ishlab chiqish masalasi qayd etilgan edi. Shu asosda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6079-son Farmoni bilan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” Strategiyasi tasdiqlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3832-sonli qarorida: Investitsiyaviy va tadbirkorlik faoliyatining turli shakllarini diversifikatsiya qilish uchun kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni, jumladan mayning, smart shartnoma (raqamli tranzaksiyalarni avtomatik tartibda amalga oshirish orqali huquq va majburiyatlar bajarilishini nazarda tutuvchi elektron shakldagi shartnoma), konsalting, emissiya, ayirboshlash, saqlash, taqsimlash, boshqarish, sugʻurtalash, kraud-fanding (jamoaviy moliyalashtirish), shuningdek, “blokcheyn” texnologiyalarini joriy etish uchun zarur huquqiy bazani yaratish kabi vazifalar belgilangandi. 

Bundan tashqari,  “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida raqamli infratuzilmani yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4022-sonli Qarorda ham raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, undan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy infratuzilmani qoʻllash masalalari, qayd etildi.

Darhaqiqat, yuqoridagi huquqiy xujjatlar tahlili asosida mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda, smart shartnomalar faoliyati uchun platforma boʻladigan, blokcheyn texnologiyalariga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normalarni ishlab chiqish va aqlli shartnomalardan keng foydalanishni yoʻlga qoʻyish – davlat ahamiyatiga molik ulkan vazifalarimizdan ekanligini koʻrishimiz mumkin.

Avvalo, shuni taʼkidlash kerakki, “smart shartnoma” kategoriyasini texnik va huquqiy jihatdan tushunish mumkin. Tadqiqotlar natijasida ham olimlar ikkita terminni farqlashadi: “smart shartnoma” va “huquqiy smart shartnoma”. Yaʼni, bunda “smart shartnoma” bu – oldindan belgilangan funksiyalarga koʻra, muayyan holat yoki shart vujudga kelsa avtomatik tarzda ishga tushadigan kompyuter kodini anglatadi. Kod taqsimlangan registrda saqlanishi va qayta ishlanishi va unga har qanday natijaviy oʻzgarishlar yozilishi mumkin. “Huquqiy smart shartnoma” tushunchasi esa ikki va undan ortiq tomonlarning oʻzaro, programmali kod yordamida shakllantirilgan va avtomatizatsiyalashtirilgan qonun doirasidagi kelishuvi sanaladi. Oddiy til bilan aytganda, aqlli shartnoma zamonaviy axborot tehnologiyalar yordamida yaratiladigan virtual shartnoma boʻlib, anʼanaviy shartnomaning yangi avlodidir.

Shu bilan bir qatorda, mazkur shartnomaning bir qator afzallikalari mavjud. Yaʼni, mazkur turdagi shartnoma tuzish fuqarolar uchun oson boʻlib, ular faqat avvaldan belgilangan, “agar... keyin...” (If... then...) kabi koʻrinishdagi shartnoma shartlariga roziliklarni bildirishadi. Aqlli shartnoma faqat elektron muhitda mavjud boʻlib, elektron raqamli imzodan majburiy foydalanishni talab qiladi. Bunda shartnoma tuzmoqchi boʻlgan shaxsning shaxsiy roziligi kerak boʻlib, boshqa shaxslar nomidan bitimlar tuzilishini oldi olinadi. Dasturlash tilida yozilgan shartnoma shartlari yuqori darajada aniqlashtirilganligi sababli, anʼanaviy shartnomalardagidek sharxlash vositalarini bunday shartnomalarga qoʻllashning hojati yoʻq. Busiz ham ular aniq va tushunarliroq yozilgan boʻladi. Yana bir oʻziga xos jihati, ushbu turdagi shartnomalar bajarilishining aqlli nazorati mavjudligi boʻlib, smart shartnoma ijrosi jarayonida tomonlarining yoki biron-bir uchinchi shaxsning aralashuvi talab etilmaydi. Avvalgan belgilan kod orqali majburiyatlar oʻz vaqtida bajarilishi axborot texnologiyalari yordamida taʼminlanadi.

Bugungi kunda koʻplab afzalliklarga ega bunday shartnomalardan kengroq foydalanishdagi asosiy muammo - bu borada huquqni qoʻllash amaliyotining yoʻq ekanli, deyishimiz oʻrinlidir. Biroq, smart shartnomalarni koʻllash boʻyicha xorijiy mamlakatlar tajribasiga murojaat qilganda ham bunday shartnomalar faoliyati blokcheyn platformalari bilan bogʻlanib, tegishli qonun normalari bilan tartibga solinishini, kuzatish mumkin. Jumladan, AQSHning bir necha shtatlari qonunchiligida smart shartnomalar tuzish bilan bogʻliq munosabatlar nazarda tutiladi. Masalan, Arizona qonunlariga koʻra, “smart shartnoma sodir boʻladigan hodisalar bilan faollashtirilgan dasturdir va u tarqalgan markazsizlashtirilgan, koʻp foydalanuvchili reestlarda roʻyxatga olinadi hamda bunday reestrlarda aktivlarni boshqarishi va oʻtkazishi mumkin boʻladi. Florida, Nebraska, Tennissi, Vermont shtatlarida smart shartnoma elektron kelishuvlardanda koʻproq qoʻllanish sohasiga ega. Yaʼni, bunday reestrda aktivlarni boshqarish va ayriboshlashdan tashqari aktivlarni yaratish va tarqatish imkoniyatlari yaratilgan. Bundayn tashqari, qonunlarga koʻra dasturiy maxsulotlarga nisbatan huquqlarni boshqarish va maʼlumotlarni sinxronizatsiyalash ham mumkin.

Yuqorida qayd etilgan holatlar, mutaxasislar tomonidan mazkur muammoni yanada kengroq oʻrganish zaruriyatini vujudga keltirmoqda. Shuningdek, smart shartnomalardan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish borasida quyidagi taklif-tavsifyalarni ilgari surishimiz mumkin:

Birinchidan, blokcheyn texnologiyalarini davlat tomonidan samarali tartibga solish, smart shartnoma ishtirokchilari oʻrtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan reglamentatsiya qilish maqsadida maxsus normativ-huquqiy xujjatlarni ishlab chiqish hamda mazkur sohaga aloqador boʻlgan mavjud huquqiy-xujjatlarga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, maqsadga muvofiqChunki, koʻplab afzalliklariga qaramay, smart shartnomalarning tartibga soluvchi normalar qonunchilik doirasida mustahkamlab qoʻyilmaganligi bunday zamonaviy shartnomaviy texnologiyalardan nafaqat fuqarolik-huquqiy munosabatlar sohasida, balki davlat boshqaruvining barcha sohalarida yanada kengroq qoʻllanilishiga toʻsqinlik qilib kelmoqda.

Ikkinchidan, smart shartnomalardan foydalanishda, blokcheyn texnologiyasini koʻllashda yurisdiksiyani yaʼni qaysi qonunchilik doirasida amalga oshirilishini belgilashning murakkab muammosini hal qilish zarurdir. Yaʼni, bunday bitimlar markazlashtirilmagan blokcheyn tizimida ijro etilishini hisobga olsak, shartnomani rasmiylashtirishning haqiqiy joyini va shunga mos ravishda tomonlar sudga murojaat qilishi mumkin boʻlgan joyni aniqlash qiyin boʻladi. Nazariy jihatdan, sud tomonlar bitim tasdiqlangan istalgan joyga shikoyat berishi mumkinligi xususida qaror qilishi mumkin. Bu holatda, dunyo boʻylab joylashgan minglab tarmoqlar mavjudligini hisobga olsak, taraflar dunyoning istalgan yerida sudga tortilishi mumkin boʻladi. Ushbu muammoni hal qilish – prorogatsion havolani (shartnomada ushbu bitim kelishuvi bilan bogʻliq nizolar qaysi sud organida, shu qatorda qaysi mamlakatda koʻrib chiqilishini belgilab beradigan havola) belgilash zarur.  Ushbu havolada tomonlar har qanday nizolarni bitta muayyan yurisdiksiyada hal qilishga rozi ekanliklarini koʻrsatishi mumkin boʻladi.

Uchinchidan,  agar shartnoma bilan bogʻliq muammolar yuzaga chiqsa, tomonlar yurisdiksiya muammosini hal etib odatda, tuman yoki viloyat sudiga murojaat qilishadi. Bunday protsedura, juda qimmatga tushadi va bir oydan koʻproq davom etishi, shubhasiz. Ammo, agar tomonlar kelishib, nizolarni hal qilishning muqobil usullari toʻgʻrisidagi bandni qoʻshish asosida, ular murosasizliklarni arbitraj orqali kelishishlari mumkin boʻladi. Bugungi xakamlarning aksariyati ushbu texnologiya haqida yetarli bilim va  amaliyotga ega boʻlmasligi mumkin. Aynan, shartnomada hakamdan blokcheyn platformalari boʻyicha muayyan tajribaga ega boʻlishni talab qiladigan bandni kiritish ikkala tomon uchun ham foydali boʻlishi, tabiiydir.

Toʻrtinchidan, smart shartnomalarni tuzish uchun dasturiy tilni biladigan mutaxassislarni jalb qilish kerak boʻlib, oʻz navbatida, smart shartnomalar nazariyasining oʻzi ham huquqshunoslik, ham texnik fanlar bilan bogʻliq ilmiy va amaliy qoidalarni tahlil etish hamda birlashtirishni nazarda tutadi. Bunda, smart shartnoma nazariyasini tadqiq etayotgan huquqshunoslar uchun tegishli texnik bilimlar bilan tanishtiruvchi seminar, treninglar tashkil etish, maqsadga muvofiqdir.

Xulosa qilib aytganda, zamonaviy tendensiyalar shuni koʻrsatmoqdaki, smart shartnomalar tobora ommalashmoqda, ulardan foydalanish qulayligi ortmoqda, xorijiy mamlakatlarda aqlli shartnomalar yordamida texnologiyalarni takomillashtirish ustida alohida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Takidlanganidek, smart shartnomalardan foydalanish bir qator afzalliklarga ega. Bunday shartnoma vositachilarsiz tez va turli kelishuvlar tuzishga imkon beradi. Aqlli shartnoma mexanizmi uchinchi shaxslar va vositachilarning (notariuslar, huquqshunoslar) ishtirokini minimallashtirishga qaratilgan hamda moddiy jihatdan, bunday shartnomalar koʻproq foydaliroqdir. Shuningdek, smart shartnomalar inson va moddiy resurslarni tejashi va shartnoma shartlarining bir tomonlama oʻzgartirilishiga yoʻl koʻyilmasligi hamda shartnoma shartlarining sharhlash extiyojisiz aniq, asosli va qonununiy yozilishi bilan ham ahamiyatlidir.

ZAYNOBIDDINOVA Farangiz Baxtiyor qizi,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (PhD) doktoranti

Yangi O'zbekiston gazeta, №223(223) 2020 yil 19 noyabr