“Muvofiqlashmagan saʼy-harakatlar yetarli natija bermayapti”. Siyosatshunos - Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston boʻyicha navbatdagi tashabbusi haqida
24.09.2020 2424
Siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori Faridun Sattarov prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqi, xususan Afgʻonistonga oid navbatdagi tashabbusi haqidagi mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.
Faridun Sattarovning soʻzlariga koʻra, Afgʻoniston muammosi – soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekiston yetakchisining xalqaro kun tartibidagi eng ustuvor yoʻnalish boʻlib kelmoqda.
“40 yildan ortiq vaqt davomida Afgʻonistondagi nizo, urush va notinchliklar afgʻon xalqining ijtimoiy ravnaqi va iqtisodiy rivojlanishi, barqaror hayot kechirishi yoʻlida murakkab toʻsiq boʻlib kelmoqda. Bu vayronkor holatni bartaraf etishda bir narsa tobora aniqroq koʻrinmoqda – har qanday notinchlikni faqat tinchlik yoʻli bilan bartaraf etish mumkin.
Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Beqaror va vayronkor vaziyatdan – tinchlik va bunyodkorlik sari” degan dasturilamal tamoyilga koʻra ish olib borish tashabbusini ilgari surdilar”, – deydi u.
Siyosatshunosga koʻra, Bosh Assambleya sessiyasining birinchi kun debatlarida ishtirok etgan 30dan ortiq davlat yetakchilarining deyarli hech biri (qoʻshni Tojikiston va Turkmaniston rahbarlaridan tashqari) afgʻon xalqini qiynayotgan notinchlik va bu yerdagi vayronkorlikka aytarli eʼtibor qaratmadi.
Shavkat Mirziyoyev oʻz chiqishida BMT huzurida afgʻon xalqining dard-u tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Qoʻmitaning asosiy vazifasi sifatida Afgʻonistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga koʻmak berishdan iborat boʻlishi zarurligiga diqqat qaratildi.
“Avvalo, bunday tuzilma oʻzining uzoq muddatli va tizimli ishlashi bilan gʻoyatda ahamiyatli. Chunki bugun Afgʻoniston muammosining yechimi borasida juda koʻplab xalqaro va mintaqaviy platformalar mavjud boʻlib, ularning kuch va saʼy-harakatlari boʻlinishi yuz bermoqda, kutilgan natijalarga erishilayotgani yoʻq.
Shu sababli prezidentimizning ushbu tashabbusini xalqaro ekspert va siyosatshunoslar yuqori baholab, bu “institutsional doimiylik” sari qoʻyiladigan ulkan qadam boʻladi, deyishmoqda.
Taklif etilgan qoʻmita Afgʻonistonga nisbatan bir tomonlama, unilateral yondashuvlar va xatti-harakatlardan uzoqlashib, uning oʻrniga global darajada keng muloqot oʻrnatish boʻyicha yondashuvlarni yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi.
Bunday xususiyat “manfaatdorlarni faol jalb etish” tamoyili boʻlib, undan maqsad – xalqaro intilishlarni afgʻon xalqi oʻzi belgilaydigan yoʻlga chorlashdir.
Taklif etilayotgan qoʻmita ijtimoiy osoyishtalik va iqtisodiy rivojlanishga qaratilgan mutlaqo yangi tuzilma boʻlib, fundamental asosga egaligi bilan haqiqatdan katta ijobiy natija berishga qodir.
Binobarin, Afgʻoniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismi boʻlib, afgʻon xalqi taqdiri va tashvishi butun mintaqamizning umumiy dard-u muammosidir. Zero, qoʻshni Afgʻoniston muammosini hal qilmasdan, uzil-kesil nizoga barham bermasdan turib, tinch va xavfsiz Markaziy Osiyo haqida gapirish mumkin emas”, – deydi siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori.
Faridun Sattarovning qoʻshimcha qilishicha, Afgʻonistonda osoyishtalik oʻrnatilishi Markaziy Osiyo davlatlarining bu mamlakat orqali eng qisqa yoʻl bilan Hind okeani va Fors koʻrfazi portlariga chiqishini taʼminlaydi; Janubiy Osiyoni quruqlik orqali Yevropa va Xitoy bozorlari bilan bogʻlaydi.
Manba: Kun.uz
Foto: РИА Новости