Oʻzbekiston - Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashning asosiy tashabbuskori
22.07.2020 14865
Oʻzbekiston 1991-yil mustaqillikka erishgandan soʻng dunyo hamjamiyatining toʻlaqonli aʼzosi sifatida oʻzining mustaqil tashqi siyosatini amalga oshira boshladi. Oʻtgan 30 yil mobaynida oʻzbek diplomatiyasi katta yoʻlni bosib oʻtdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston dunyoning 134 mamlakati bilan diplomatik aloqalarni oʻrnatgan va xorijiy mamlakatlarda 35 ta elchixona, 17 ta bosh konsulxona va xalqaro tashkilotlar huzurida 3 ta doimiy vakolatxona faoliyat olib bormoqda.
2017-yildan boshlab oʻzbek diplomatiyasida sifat jihatdan butunlay yangi sahifa ochilib, respublikamizning xalqaro maydonda olib borayotgan faoliyati yangi bosqichga chiqdi, deb aytish mumkin. Buning asosoiy sababi – mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan dunyoga ochiqlik siyosati, birinchi navbatda yaqin qoʻshnilarimiz, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik yangi bosqichga olib chiqildi. Davlatimiz rahbari tashqi siyosatda amalga oshirilishi moʻljallangan birinchi navbatdagi vazifalar xususida BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida alohida taʼkidlab oʻtdi.
Chorak asrdan koʻproq vaqt davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida bir qator muammolar vujudga kelgan edi. Suv-energetika resurslari va transport kommunikatsiyalaridan foydalanish, davlat chegaralarini delimitatsiya qilish va chegara punktlarini kesib oʻtish kabilar shular jumlasidandir.
Tanlangan yangi tashqi siyosat yoʻnalishiga mos ravishda, Oʻzbekiston rahbari soʻnggi 3 yil mobaynida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan mintaqaviy xavfsizlik, tinchlik va osoyishtalik hamda barqaror iqtisodiy taraqqiyotga oid dolzarb masalalarni birgalikda hal etishga qaratilgan konstruktiv muloqotni olib bormoqda.
Prezidentning Parlamentga har yili murojaat qilish amaliyoti dunyoning koʻplab mamlakatlarida mavjud. Unda yaqin kelajakda amalga oshirilishi kerak boʻlgan strategik maqsad va vazifalar belgilab beriladi. Oʻzbekiston tarixida birinchi marta respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil dekabr oyida Oliy Majlisga murojaat qildi va tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishi yaqin qoʻshnilar bilan konstruktiv muloqot va kuchli tashqi siyosat olib borish ekanligini taʼkidladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston rivojlanishining besh ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi ochiq, konstruktiv va oʻzaro manfaatli tashqi siyosat olib borishni, shu jumladan, Oʻzbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qoʻshnichilik kamarini yaratishni koʻzda tutadi. Bu Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan hamkorlik mamlakatimiz uchun juda muhim ekanini yana bir bor koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan boʻlib, mintaqadagi barcha davlatlar oʻrtasidagi muhim boʻgʻin hisoblanadi va mintaqaviy hamkorlikning asosiy katalizatori boʻlib hisoblanadi. Soʻnggi 3 yil mobaynida olib borilgan muloqot natijasida Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi ishonch muhiti yaratildi, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan munosabatlar mustahkamlanmoqda. 2017-yildan buyon mamlakatimiz oʻzaro manfaatli hamkorlik qilish va mintaqada xavfsizlikni taʼminlash maqsadida barcha yoʻnalishlarda ochiq tashqi siyosat olib bormoqda.
Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va oʻzaro ishonchni kuchaytirish, mavjud muammolarni oʻz vaqtida hal etishning muhim mexanizmi sifatida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil noyabr oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining doimiy maslahatlashuv uchrashuvlarini tashkil qilishni taklif qildi va bu tashabbus mintaqa mamlakatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi 2018-yil 15-mart kuni Ostonada (hozirgi Nur-Sulton) boʻlib oʻtdi. Sammitda siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va qurol-yarogʻ kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo nafaqat geografik va geosiyosiy, balki yagona madaniy va sivilizatsiya makonidir, deya eʼtirof etildi.
2018-yil 22-iyun kuni BMT Bosh assambleyasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan "Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash maqsadida mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish" rezolyutsiyasini qabul qildi. Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrikaning 55 mamlakati hujjatga hammualliflik qildi va rezolyutsiya BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.
Rezolyutsiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqada tinchlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashdagi, shuningdek mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi muhim rolini eʼtirof etadi.
Hujjatda Bosh assambleya Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqada barqarorlik va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlari va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashi taʼkidlangan.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining doimiy maslahatlashuv uchrashuvlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbuslarini mamnuniyat bilan qayd etgan holda, rezolyutsiya mintaqaning dolzarb muammolarini birgalikda hal qilish uchun bunday maslahat maydonidan samarali foydalanishga chaqiradi.
2019-yil 29-noyabr kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Ikkinchi maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari Prezidentlari transchegaraviy suvlardan foydalanish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, chegaralarni tartibga solish va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qildilar. Toshkentda boʻlib oʻtgan maslahat uchrashuvi Oʻzbekiston yangilanish va mintaqaviy hamkorlik yoʻlidan borishni davom ettirayotganligini namoyish etdi. Mintaqa davlat rahbarlarining keyingi uchrashuvini Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida oʻtkazish rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 72 sessiyasi minbaridan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishda muhim amaliy qadamlardan biri - bu 2017-yil 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo: bir oʻtmish va bir kelajak, barqaror rivojlanish va oʻzaro farovonlik uchun hamkorlik” mavzuidagi anjumandir. Unda Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari boshchiligida delegatsiyalar, MDH, Yevropa, Osiyo va Amerikadan kelgan yuqori martabali rasmiy delegatsiyalar, 10 dan ortiq xalqaro tashkilotning rahbarlari, shuningdek 100 dan ortiq xorijiy ekspert va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Anjumanda Oʻzbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo chegara hududlari hokimlari va ishbilarmon doiralari uyushmalarini tuzish taklifini ilgari surdi. Ushbu tashabbus hozirda chegara hududlarida mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda oʻz ifodasini topmoqda.
Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash uchun Oʻzbekiston qoʻshni Afgʻonistondagi mojaroni hal qilishda faol ishtirok etmoqda. Ushbu mamlakat bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik toʻgʻrisida muhim shartnomalar imzolandi, yangi iqtisodiy loyihalar boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Tinch Afgʻoniston Markaziy Osiyo mamlakatlariga Hind okeani va Fors koʻrfazi portlariga chiqish imkoniyatini beradi hamda Markaziy va Janubiy Osiyoni Yevropa bozorlari bilan birmuncha arzon va qulay yoʻl bilan bogʻlaydi.
Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yil 27-mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida yuqori darajadagi Toshkent xalqaro anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani, BMTning Afgʼonistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, shuningdek AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari, 25 ta davlat va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Anjuman yakunlari boʻyicha Toshkent deklaratsiyasi imzolandi. Ushbu hujjat mintaqada tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, barcha sohalarda hamkorlikni mustahkamlash, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada kengaytirish kabi ezgu maqsadlarni oʻzida mujassam etdi.
Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan munosabatlarni rivojlantirishni davom ettiradi, ushbu mamlakatda vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etishga qaratilgan xalqaro saʼy-harakatlarda bundan buyon ham faol ishtirok etadi. Oʻzbekiston tomoni Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklash, uning transport, ishlab chiqarish, energetika va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi. Zero, barqaror va gullab-yashnayotgan Afgʻoniston Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik barqarorlikning muhim omillaridan biridir.
Shu bilan birga, global tusga ega boʻlgan ekstremizm, separatizm, giyohvandlik va qurol kontrabandasi muammolari bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan xalqaro terrorizmga qarshi kurash hozirgi davrimizning eng dolzarb muammosi boʻlib qolmoqda. Taʼkidlash joizki, ushbu yoʻnalishda SHHT doirasida yaqin hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Shu oʻrinda Prezidentimiz dunyo aholisining katta qismini tashkil etadigan yoshlarni ekstremizm va radikalizm taʼsiridan himoya qilish hamda ularning huquqlarini yanada toʻlaroq taʼminlash borasida qator tashabbuslarni ilgari surganligini taʼkidlash joiz. Jumladan, davlatimiz rahbari yoshlarni ushbu salbiy taʼsirlardan himoya qilishda “Jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyilini oʻrtaga tashladi va BMT Bosh assambleyasining 72 sessiyasidagi nutqida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan rezolyutsiyani hamda Yoshlar huquqlari haqidagi konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” haqidagi rezolyutsiya 2018-yil dekabr oyida BMT Bosh assambleyasi tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi va Yoshlar huquqlari haqidagi konvensiya boʻyicha ishlar qizgʻin davom etmoqda. Bu esa Prezidentimizning tashabbuslari naqadar dolzarb xalqaro ahamiyatga ega ekanligi va ularning jahon hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.
Mintaqaning barcha mamlakatlarida bevosita dengizga chiqish yoʻllari yoʻqligi sababli, quruqlik transportini rivojlantirish va tranzit salohiyatni oshirish muhim ahamiyatga ega. Oʻzbekistonning eksport geografiyasini va qoʻshni davlatlar bilan transport yoʻlaklari infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Prezidentimiz 2018-yilda Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazish taklifini bildirdi. Unda dunyoning 37 mamlakatidan va 27 xalqaro tashkilotdan 500 nafardan ortiq xorijiy mutaxassis ishtirok etdi.
Anjumanning asosiy maqsadi – mavjud transport yoʻlaklarini takomillashtirish va yangi transport yoʻlaklarini yaratish maqsadida xalqaro moliyaviy institutlar, tashkilotlar, shuningdek transport va logistika kompaniyalari vakillari bilan har tomonlama aloqalarni rivojlantirish edi. Uchrashuv natijasida transport va logistika xizmatlarini koʻrsatish jarayonida qoʻshma transport-logistika korxonalarini tashkil etish va raqamli texnologiyalarni jadal joriy etishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqildi.
Mintaqada yangi transport inshootlarining ishga tushirilishi mazkur sohada belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Jumladan, muhandislik xususiyatlari va geostrategik ahamiyatiga koʻra noyob hisoblangan Turkmanobod-Farob koʻprigining ishga tushirilishi nafaqat Oʻzbekiston va Turkmaniston, balki butun Markaziy Osiyo hayotida muhim oʻrin tutadi.
Koʻp yillar davomida Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi nazorat punktlarining aksariyati fuqarolar uchun yopiq edi. Shuningdek, davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish borasida qator jiddiy muammolar mavjud edi. Oʻzbekiston Prezidentining Qirgʻizistonga davlat tashrifi davomida 2017-yil 5-sentyabr kuni Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida davlat chegarasi toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. Shuningdek, 2018-yil 9-mart kuni Oʻzbekiston Tojikiston bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish borasida shartnomasini imzoladi.
Ushbu muhim hujjatlarning amalga tadbiq etilishi natijasida, qoʻshni mamlakatlar bilan chegara punktlarida barcha cheklovlar olib tashlandi. Qirgʻiziston va Tojikiston bilan imzolangan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish shartnomalari mamlakatimizga iqtisodiy hamkorlikni va transchegaraviy savdoni rivojlantirish, oʻzaro savdo hajmini oshirish va, eng muhimi, chegara hududlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarning harakatlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratadi. Jumladan, agar besh yil oldin Oʻzbekiston-Qirgʻiziston davlat chegarasini kuniga 200-300 kishi kesib oʻtgan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 30 mingdan oshdi. Tojikiston bilan shartnoma imzolangandan soʻng, ilgari yopiq boʻlgan barcha 17 chegara oʻtkazish punkti toʻliq ishlay boshladi. Bugungi kunda Oʻzbekiston-Tojikiston chegarasini kuniga 20 ming fuqaro kesib oʻtmoqda. Shuningdek, Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun 30 kungacha vizasiz rejim oʻrnatilgani ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik ochiqlik va doʻstona qoʻshnichilik aloqalariga tayanishidan dalolat beradi.
Oʻzbekiston Prezidentining ochiq va konstruktiv siyosati tufayli Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmaniston oʻrtasidagi davlat chegaralarini bir-biriga tutash hududi masalasida murosaga erishildi. Tegishli shartnoma 2017-yil noyabr oyida Samarqandda Markaziy Osiyo boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro anjuman doirasida imzolandi.
Mintaqaviy hamkorlikning yana bir strategik muhim yoʻnalishi – savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdir. Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2018-yil 15-mart kuni poytaxtimizda mintaqa mamlakatlari Bosh vazirlari oʻrinbosarlari ishtirokida Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi boʻlib oʻtdi. Forumda 200 dan ortiq davlat idoralari, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Forum ishtirokchilari investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy savdoni ragʻbatlantirish, shuningdek sayyohlik jozibadorligini oshirish, transport va tranzit salohiyatini oshirish muammolarini muhokama qildilar. Uchrashuvlar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2017-yilga nisbatan 35 foizdan koʻproqqa oʻsgani va 12,2 milliard dollarni tashkil qilgani, ammo mamlakatlar mintaqadagi iqtisodiy salohiyatidan hali toʻliq foydalanilmayotganligi taʼkidlandi.
Investitsion muhitni yaxshilash va xorijiy investorlarni keng jalb qilish maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqa davlat rahbarlarining Ikkinchi maslahat uchrashuvida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun investitsiya forumini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Shu bilan birga, Prezidentning har yilgi murojaatida ekologik xavfsizlikni taʼminlash, suv va boshqa tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, Orol muammolari va ekologik muhit buzilishining oqibatlari alohida taʼkidlanadi. Mazkur muammolarni hal etish va Orol dengizi aholi turmush tarziga salbiy oqibatlarini oldini olishga qaratilgan Moliya vazirligi huzurida Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilgani maqsadga muvofiqdir, unga 200 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan. Ushbu mablagʻlar hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, turmush sharoitini yaxshilash masalalari hal etilmoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining BMT Bosh assambleyasining 72 sessiyasida ilgari surilgan tashabbusining amaliy tadbiqi sifatida Orolboʻyi mintaqasida inson xavfsizligi boʻyicha BMTning koʻp tomonlama sheriklik Trast jamgʻarmasi tashkil etildi. Mazkur jamgʻarmaning taqdimoti 2018-yil 27-noyabr kuni Nyu-York shahrida BMT bosh qarorgohida boʻlib oʻtdi.
Davlat rahbari 2018-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlis deputatlari oldida soʻzlagan nutqida fond faoliyatining naqadar muhim ekanini yana bir bor taʼkidladi. 2019-yil oktyabr oyida Orol muammolarini hal etishga bagʻishlab Nukus shahrida oʻtkazilgan xalqaro anjumanda Prezidentimiz tomonidan Orolboʻyini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish va BMT Bosh assambleyasining maxsus resolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ilgari surildi. Hozirda ushbu tashabbusni amalga oshirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Madaniy va gumanitar hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Mintaqa mamlakatlari umumiy tarix va yakdil madaniyatga ega. Ularning bir-biriga ulashib ketgan oʻxshash urf-odatlari, qadriyatlari va yagona dini bor. Shu bois, Oʻzbekiston madaniy va yaqin qoʻshnichilik aloqalarini mustahkamlash boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surmoqda. Jumladan, mintaqa davlat rahbarlarining Ikkinchi maslahat uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev universitet forumlari va mintaqaviy sport oʻyinlarini oʻtkazish, shuningdek, fan, madaniyat va sanʼat sohasidagi ulkan yutuqlari uchun Markaziy Osiyo mukofotini taʼsis etishni taklif qildi. “Biz har yili Navroʻz arafasida har bir mamlakatda navbatma-navbat Markaziy Osiyo madaniyati kunlarini tashkil etishni muhim, deb hisoblaymiz. Bularning barchasi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga imkon beradi”, deb taʼkidladi Prezidentimiz.
Ushbu tashabbusning amaliy tadbiqi sifatida 2018-yil Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili, deb eʼlon qilindi. Uning doirasida 80 dan ortiq madaniy va sport tadbiri, kino kunlari va turli festivallar oʻtkazildi. 2019-yil esa Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili boʻldi va uning doirasida koʻplab madaniy tadbirlar tashkil etildi. Bu mamlakatlar oʻrtasidagi madaniy muloqotning yuqori darajasini koʻrsatadi.
Mintaqa davlat rahbarlarining Ikkinchi maslahat uchrashuvi muzokaralari davomida Oʻzbekiston rahbari xalqaro sayyohlik konferensiyasini oʻtkazish va Markaziy Osiyoda yagona sayyohlik brendini yaratish tashabbusini ham ilgari surdi.
Mintaqaning sayyohlik salohiyatini oshirish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlarida Silk Road (Ipak yoʻli) viza tartibini joriy etish rejalashtirilgan. Ushbu rejim umumiy vizani nazarda tutadi va chet el fuqarolariga bir vaqtning oʻzida Markaziy Osiyoning bir nechta mamlakatlariga toʻsiqlarsiz borishga imkon beradi. Ushbu tashabbus sayyohlarning Markaziy Osiyo mamlakatlariga sayohat qilishini yengillashtirish uchun ilgari surilgan. Loyihada Markaziy Osiyo mamlakatlaridan tashqari Turkiya va Ozarboyjon ham qatnashishi rejalashtirilgan.
Prezidentimizning bu boradagi tashabbuslari nafaqat mintaqada, balki xalqaro miqyosda keng qoʻllab-quvvatlanmoqda. Jumladan, 2019-yil dekabr oyida BMT Bosh assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va barqaror turizm” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, xulosa qilib, shuni aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz tashabbuslari bilan nafaqat mamlakatni, balki butun mintaqani rivojlantirish borasida izchil saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek: “Bizning bosh maqsadimiz – umumiy saʼy-harakatlarimiz bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirishdan iborat”.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining barcha sohalarda teng huquqli sheriklik va hamjihatlik asosida hamkorligi mintaqa rivojiga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Mamlakatimiz rahbarining tashabbuslari, faol va pragmatik diplomatiya hamda tashqi siyosat tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi, konstruktiv siyosiy muhit vujudga keldi va transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish, chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, chegara punktlarini kesib oʻtish, transchegaraviy savdoni rivojlantirish kabi eng dolzarb muammolarni hal qilish uchun qulay sharoitlar yaratildi.
Bularning barchasini Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida keyingi uch yil mobaynida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan olib borilayotgan yaqin va oʻzaro manfaatli qoʻshnichilik aloqalarini rivojlanish borasidagi izchil tashqi siyosatning hosilasi hamda mustaqil oʻzbek diplomatiyasining katta yutugʻi, deb aytish mumkin.
Sadoqat Ibodova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti,
Xalqaro munosabatlar fakulteti, 2 kurs talabasi
Manba: "Dunyo" AA