30.06.2020 3533

Maʼlumki, demokratik tamoyillarga asoslangan yangicha fikrlovchi jamiyatni qurish, har qanday davlat uchun chuqur oʻylangan tashkiliy, huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi. Bu jarayonda oʻz huquq va erkinliklari hamda majburiyatlarini nafaqat yaxshi biluvchi, bu huquq va erkinliklarini amalga oshira oladigan va oʻz majburiyatlariga vijdonan yondashadigan, boshqalarning huquq va erkinliklarini hurmat qila oladigan koʻnikmaga ega boʻlgan yuksak huquqiy madaniyatli, kuchli fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan insonlardan tashkil topgan jamiyatni shakllantirish hal qiluvchi rol oʻynaydi. Yaʼni, inson huquqlari madaniyati yuqori boʻlgan jamiyat, kuchli, demokratik davlatning mustahkam tayanchidir.

Joriy yilning 22-iyun kuni mamlakatimiz Prezidenti Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi” va uni amalga oshirishning “Yoʻl xaritasi” mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, unga rioya qilish hamda buzilgan huquqlarni tiklash sohasidagi davlatning muhim strategik hujjati hisoblanadi.

Milliy strategiya oltita yoʻnalishni, uni amalga oshirishning “Yoʻl xaritasi” esa beshta yoʻnalishdagi chora-tadbirlar va vazifalarni qamrab olgan. Unda shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar borasida qonunchilikni, huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, belgilangan vazifalarni bajarilishi monitoring qilish kabi yoʻnalishlarda muhim vazifalar bilan bir qatorda, inson huquqlari sohasidagi taʼlim Milliy strategiyaning eng muhim yoʻnalishi sifatida belgilab qoʻyilgan. Bu bejiz emas, albatta. Chunki, inson huquqlari sohasidagi taʼlim orqali jamiyatda inson huquqlari madaniyati shakllantirish asosida mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning eng samarali mexanizmini yaratish ushbu hujjatning asosiy vazifalaridan biridir.

Davlatlarning inson huquqlari sohasidagi milliy strategik rejalarni qabul qilishi boʻyicha dastlabki tavsiyalarni ilgari surgan 1993-yil 25-iyundagi Inson huquqlari boʻyicha umumjahon konferensiyasida qabul qilingan Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturida ham inson huquqlari boʻyicha taʼlim masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan edi.

Milliy strategiyada quyidagi yoʻnalishlarda inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish boʻyicha vazifalar belgilangan:

  • uzluksiz taʼlim tizimida inson huquqlari va gender masalalarini oʻqitishda eʼtiborni kuchaytirish, jamiyatda qonunga hurmatni shakllantirishning zamonaviy usullarini joriy etish;
  • oliy taʼlim muassasalarida, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlarida, shuningdek, sudyalarni malakasini oshirish tizimida, maktabgacha taʼlim va umumtaʼlim muassasalarida, akademik litsey va kollejlarda “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” oʻquv kurslarini joriy etish;
  • jurnalistlar tayyorlash tizimida, ularning inson huquqlari boʻyicha professionallik mahoratlari va malakasini oshirish;
  • inson huquqlari sohasida axborot tarqatish boʻyicha ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada kuchaytirish, jurnalistlar va blogerlarning axborot olish va tarqatishga boʻlgan huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish;
  • inson huquqlari sohasidagi fundamental va innovatsion tadqiqotlarni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy salohiyati, ilmiy tadqiqotlari va ishlanmalarining samaradorligini oshirish, ularning ushbu sohadagi xalqaro tadqiqotlarga integratsiyalashuvini taʼminlash, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish.

Ayniqsa, inson huquqlari boʻyicha zamonaviy darslik va oʻquv qoʻllanmalarini tayyorlash va chop etishga ham katta eʼtibor qaratilgan.

Milliy strategiyaning “Yoʻl xaritasi”da TDYUU, JIDU, Bosh prokuratura akademiyasida “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisligi boʻyicha qoʻshma magistratura yoʻnalishini (konsorsium) joriy qilish, inson huquqlari sohasida ilmiy tadqiqotlarni ixtisoslashtirish, salmogʻi va sifatini yaxshilash, inson huquqlari ixtisosligi boʻyicha ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash maqsadida alohida tarmoqlararo “Inson huquqlari” ixtisoslik shifrini kiritish, jumladan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi huzuridagi Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyatini takomillashtirib, “Inson huquqlari” boʻyicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini olish uchun ilmiy kengash faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq vazifalar, inson huquqlari sohasida taʼlim va tadqiqotchilikka katta eʼtibor qaratilganligini koʻrsatadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, inson huquqlari sohasida qabul qilingan mazkur yangi hujjat mamlakatimizda inson huquqlari sohasida taʼlim va tadqiqotchilikni yanada rivojlantirish orqali demokratik, fuqarolik jamiyatining eng mustahkam poydevori sifatida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish va oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shahlo Safarova,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻqituvchisi

OʻzA